
Prezident Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida nutq so’zladi.
Mamlakatimiz rahbari ushbu nutqida O‘zbekistonda demokratik o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirish va Kengash doirasidagi faoliyatimizning ustuvor yo‘nalishlari sifatida quyidagilarni aytib o’tdi:
- Insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta’minlash O‘zbekistondagi islohotlarda eng muhim o‘rinda turishi;
- Gender siyosati masalalari borasida mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlarni qat’iy davom ettirishimiz;
- Mamlakatimizda alohida ehtiyojga ega bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratilishi;
- Mamlakatimiz aholisining yarmidan ko‘pini tashkil etadigan yoshlar huquqlarini himoya qilish doimoiy e’tiborimiz markazida bo’lishi;
- Xalqaro mehnat tashkiloti va Jahon banki bilan hamkorlikda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirganimiz va bu islohotlarimizdagi eng asosiy yutuqlarimizdan biri bo‘lgani;
- BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar sonini kamaytirish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish to‘g‘risidagi taklifini mamlakatimiz qo‘llab-quvvatlashi.
Mamlakatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida so’zlagan nutqiga asosan:
- Mamlakatimizda 2030-yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari, Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiya (strategiya Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasi ekspertlarining faol ishtirokida ishlab chiqilgan) har bir insonning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashni ko‘zda tutadigan “hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslik” tamoyili asosida amalga oshiriladi;
- Joriy 2021-yilda O‘zbekistonda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollarining muloqoti va xotin-qizlarning mintaqaviy biznes-forumini o‘tkazishni rejalashtirmoqda;
- 2020-yil 15-oktabrda Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risidagi (O‘RQ-641 15.10.2020) yangi qonun kuchga kirdi. O‘zbekiston Parlamenti Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilishi kutilmoqda. Bu bo’yicha mamlakatimiz imkoniyati cheklangan shaxslarning o‘z qobiliyatini to‘la ro‘yobga chiqarish masalalari bo‘yicha Mintaqaviy kengash tuzishni taklif etadi;
- “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da mamlakatimiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Yoshlar huquqlari bo‘yicha butunjahon konferensiyasini o‘tkazish, BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining o‘ninchi forumida Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya loyihasini taqdim etish va shuningdek, Yoshlar huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachi institutini ta’sis etish masalasini kiritishga tayyorgarlik ko‘rmoqda;
- 2021-yilda, ya’ni Bolalar mehnatiga barham berish xalqaro yilida Bolalar Ombudsmani to‘g‘risidagi qonunni qabul qilinadi;
- Mamlakatimiz o‘qitish tizimini rivojlantirish maqsadida BMTning inson huquqlari sohasidagi Ixtiyoriy badallar jamg‘armasiga o‘z hissasini qo‘shadi;
- Joriy yilda mamlakatimizda fuqaroligi bo’lmagan 20 mingdan ziyod kishi fuqarolikka ega bo‘ladi (o‘tgan yilning o‘zida 50 ming nafar vatandoshimiz O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilingan);
- Fuqarolik jamiyati institutlarini yanada rivojlantirish, O‘zbekistonda so‘z erkinligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni qat’iy maqsad qilgan holda nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida kodekslar ishlab chiqilmoqda;
- Mamlakatimiz Inson huquqlari bo‘yicha kengashga Sudyalar kengashlari faoliyatining universal prinsiplarini ishlab chiqish masalasini ko‘rib chiqishni taklif etadi;
- Mamlakatimiz Qiynoqlarga qarshi konvensiyaning Fakultativ protokolini ratifikatsiya qiladi;
- Mazkur masalalar yuzasidan hamkorlikda ishlash maqsadida Qiynoqlar masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachini O‘zbekistonga taklif etishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Mamlakatimiz rahbari, Shavkat Mirziyoyev nutqining yakunida O‘zbekiston Inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zosi sifatida xalqaro huquqning inson huquqlariga oid umum e’tirof etilgan prinsip va normalarini qat’iy himoya qiladi va faol ilgari surishini ta’kidlab o’tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqi – www.prezident.uz
Azamov Abdulhay Baxtiyorjon o’g’li
Azamov.uz